
Bo‘lajak “EKSPO 2030”ning Ar-Riyoddagi bosh komissari Abdulaziz Ol G‘annam Osakadagi “EKSPO 2025” ko‘rgazmasidagi O‘zbekiston pavilioniga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida faxriy mehmon uchun ekspozitsiya bo‘ylab tanishtiruv sayri tashkil etildi. U O‘zbekiston tomonini madaniy meros, innovatsiyalarga intilish va barqaror rivojlanish sari yo‘naltirilgan e’tibor uyg‘un tarzda birlashgan mazmunli pavilionni yaratgani bilan qutladi.
Abdulaziz Ol G‘annam Saudiya Arabistoni O‘zbekistonning Ar-Riyoddagi “EKSPO 2030” ko‘rgazmasida ishtirok etishini intiqlik bilan kutayotganini ta’kidladi. U O‘zbekiston yana bir bor yuksak saviyani namoyish etishiga hamda o‘zining ijodkorona yondashuvlari bilan xalqaro jamoatchilikni rom eta olishiga amin ekanini bildirdi. Shuningdek, u ko‘rgazmaga taraddud ko‘rish masalalarida har tomonlama madad berishga tayyorligini izhor etdi.