
2025-yil 17-avgust kuni Osaka shahrida “Expo 2025” butunjahon ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston Milliy kuni nishonlandi. Tantanali ochilish marosimi Yaponiya tashqi ishlar davlat vaziri Hisayuki Fujii va mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Mehmonlarga Farg‘ona, buxorocha, lazgi va boshqa raqslar hamda milliy kuy-qo‘shiqlar ijro etilgan konsert dasturi namoyish etildi. Bayram kayfiyatiga karnay-surnay sadolari, vokal ansambllari va cholg‘u jamoalari shukuh bag‘ishladi.
O‘zbek xoreografiyasining boy repertuarini taqdim etgan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Nodira Pirmatova va Mukarram Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansamblining chiqishlari sanha ko‘rkiga ko‘rk baxsh etdi.