
Har bir davrning o‘ziga xos ijodiy tendensiyalari mavjud. Odatda san’at o‘tmish, bugun va kelajak orasida ko‘prik qurib, bu uch zamonni o‘zida mujassamlashtiradi. Bugun dunyo insoniyatni birlashtiruvchi yangi imkoniyat qidirar ekan, O‘zbekiston bu vositani madaniyat orqali yuzaga chiqarmoqda. O‘zbek san’ati — tarixning izlari va kelajakning orzulari o‘rtasidagi jonli muloqotdir.
Madaniy diplomatiya: O‘zbekistonning yangi ovozi
So‘nggi yillarda O‘zbekiston san’at va madaniyat sohasida global maydonga qat’iy qadamlar bilan chiqayotganini ko‘plar e’tirof etmoqda. 2021-yilda O‘zbekiston ilk bor Venetsiya Biyennalesida milliy paviloni bilan ishtirok etdi. “Mahalla: shahar va qishloq hayoti” nomli loyihada xalqaro darajadagi madaniy tadbirlarda milliy ishtirokni ta’minlash hamda o‘zbek mahallalarining o‘ziga xos jihatlarini ochib berish maqsadi san’at orqali mohirona yoritdi. Bu mamlakatning zamonaviy san’at orqali o‘z ovozini dunyoga eshittirishdagi burilish nuqtasiga aylandi.
Joriy yildagi Buxoro xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi esa O‘zbekistonning o‘z hududida tashkil etilgan eng yirik san’at voqeasi bo‘ldi. “Qalblar dardiga darmon” deb nomlangan bu biyennale insoniy his-tuyg‘ular, shifo, qayta tiklanish, o‘tmish va kelajak uzra sayohat mavzularini yoritib, turli mintaqa ijodkorlarini bir makonda birlashtirdi. Buxoro biyennalesi Markaziy Osiyodagi eng yirik va rang-barang san’at tashabbuslaridan biriga aylandi.
Kreativ iqtisodiyot: ijodiy energiyaning iqtisodiy kuchi
Dunyo miqyosida kreativ tarmoqlar yalpi ichki mahsulotning 3–4 foizini tashkil etadi. O‘zbekiston ham bu jarayonni rivojlantirish yo‘lida. 2022-yilda tasdiqlangan “Kreativ iqtisodiyot konsepsiyasi” doirasida san’at, dizayn, musiqa, moda, arxitektura va IT asosidagi ijodiy startaplarni qo‘llab-quvvatlash uchun alohida grant va soliq imtiyozlari joriy qilindi.
Tashkent Art Week va Art Future Festival yosh ijodkorlar uchun xalqaro darajadagi platformaga aylandi. 2023-yilda bu tadbirlarda 400 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi, ularning 70 foizi yosh ijodkor va dizaynerlardir. “Art Market Uzbekistan” esa rassomlar uchun yangi iqtisodiy maydon yaratdi — 2023-yil natijasiga ko‘ra, platforma orqali 100 dan ortiq asar xorijiy kolleksionerlarga sotilgan.
Expo 2025: insoniyatning kelajagini san’at orqali loyihalash
Yaponiya, Osaka shahrida bo‘lib o‘tadigan Expo 2025 loyihasida ham O‘zbekiston yana bir bora xalqaro sahnada muvaffaqiyatli ijodiy chiqish qila oldi. Pavilon konsepsiyasi global miqyosdagi ekspert va tomoshabinlar e’tiborini jalb qila oldi. Expo 2025’dagi O‘zbekistonning chiqishi bu safar faqat ko‘rish yoki eshitish uchun emas — sezish uchun mo‘ljallangan. Chunki bu ovoz san’at, suv, tuproq va orzudan ungan.
San’at bu — kelajakni his qilishning eng insoniy usuli. O‘zbekiston bugun o‘z ovozini nafaqat siyosiy minbarlarda, balki madaniyatiy sahnalarda eshittirmoqda. Venetsiyadan Buxorogacha, Toshkentdan Osakagacha bo‘lgan bu yo‘l — millatning tarix, bugun va kelajakdagi orzu hamda maqsadlarini san’at orqali yetkazmoqda.