
2023-yil boshidan buyon O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi O‘zbekiston milliy pavilionini Osaka “EKSPO”sida ishtirok etishga faol tayyorlamoqda. Dunyoga mashhur “Atelier Brückner” studiyasi bilan hamkorlikda pavilionning me’moriy g‘oyasi tayyorlandi.
Milliy pavilion ustida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan hamkorlikda ish olib bormoqda. Milliy pavilion hamkori shveysariyaning “Nüssli Switzerland Ltd.” qurilish kompaniyasidir.
Pavilionda barqaror rivojlanishning 3 ta ustuvor maqsadi: “sifatli ta’lim”, “kamxarj va toza energiya” hamda “sanoatlashtirish, innovatsiyalar va infratuzilma”ga muvofiq O‘zbekistonning evrilishlar jarayonini namoyish etuvchi loyihalarni birlashtirgan “Bilimlar bog‘i” loyihasi taqdim etiladi.
O‘zbekiston milliy pavilioni “EKSPO”ning g‘arbiy qismida, tashrif buyuruvchilar unga ustuvor tartibda kirish imkoniyatini tug‘dirish uchun asosiy mamlakatlar pavilionlarining markaziy doirasida joylashtirilgan. Dastlabki arizaga ko‘ra, O‘zbekiston “A” turdagi pavilion qurishni rejalashtirmoqda. Uch qavatdan iborat pavilionning umumiy maydoni 800 kv. metrni tashkil etadi.
“Expo Osaka 2025” dasturi qator madaniy tadbirlarni, jumladan, O‘zbekiston Mustaqillik kunini o‘z ichiga oladi, keng ko‘lamli madaniy dastur, shuningdek, ayollar pavilionida sho‘ba muhokamasi tayyorlanmoqda.
Qurilish ishlari 2024-yil mart oyining oxirida boshlanishi rejalashtirilgan. Shu sanalarda Osaka shahrida poydevor qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tadi.
“Expo Osaka 2025” ko‘rgazmasida ishtirok etish O‘zbekiston uchun mamlakatning innovatsiyalari va yutuqlarini namoyish etish, turizmni rivojlantirish, sarmoya va ishbilarmonlik imkoniyatlari, xalqaro hamkorlik va sheriklik, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy almashinuv kabi ko‘plab istiqbollar va imkoniyatlarni ochadi.