2025.04.13
Osaka meri ishtirokidagi ochilish marosimi boʻlib oʻtdi
Osaka meri ishtirokidagi ochilish marosimi boʻlib oʻtdi

13-aprel kuni Osaka shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Expo 2025” xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekiston Milliy pavilioni tantanali tarzda ochildi. Tadbir ramziy tasmani kesish marosimi bilan boshlandi. Unda Pavilion komissari, O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova, Osaka meri Yokoyama Xideyuki, O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi Muxsinxo‘ja Abdurahmonov hamda loyiha me’mori Shirin Frangul-Bryukner ishtirok etdilar.

Marosimdan so‘ng faxriy mehmonlar – Osaka shahri meri Yokoyama Xideyuki va avvalroq Nara shahri meri bo‘lgan Nakagava Gen uchun pavilon bo‘ylab maxsus ekskursiya tashkil etildi. Ularga livanlik dizayner Nada Debs hamrohlik qildi. Tashrif davomida mehmonlar O‘zbekistonning madaniy merosi, barqaror taraqqiyoti va innovatsion kelajagini aks ettiruvchi me’moriy g‘oya hamda ekspozitsiya bilan yaqindan tanishdilar.