
O‘zbekiston pavilonining dizaynida aynan shu so‘zlar aks etadi. Bu loyiha Germaniyaning Shtutgart va Koreyaning Seul shaharlarida joylashgan, muzey va ko‘rgazma dizayni bo‘yicha yetakchi bo‘lgan ATELIER BRÜCKNER studiyasi tomonidan ishlab chiqilgan. G‘oya bog‘ hayoti tsikliga asoslangan: an’analarni zamonaviylik bilan uyg‘unlashtirish, tabiiy materiallar va abadiy hunarmandchilik orqali yangi nafas berish. Ushbu dizayn Germaniya Dizayn Mukofotiga sazovor bo‘lgan. Bosh me’mor va loyiha rahbari Yannis Renner dizaynning yaratilish tarixini tushuntiradi.
G‘oyaning ildizi nimada?
Bu – karvonsaroy tushunchasi. Ipak yo‘li bo‘ylab qadimiy dam olish joylari bo‘lgan karvonsaroylar, bilim, savdo va hikoya almashish markazlari bo‘lgan. Ular himoya, ta’lim va madaniy almashinuv ramzi sifatida qabul qilinadi. Bu yerda o‘zbek hunarmandchiligi va yapon me’morchiligi uchrashadi. Shuningdek, bu — O‘zbekiston tabiati va manzarasining me’moriy ko‘rinishdagi aksidir: bilimlar bog‘i, osoyishtalik va muloqot uchun makon.

Asosiy xususiyatlari nimalar?
Bilimlar bog‘i — ildizlar merosdan, gullar esa innovatsiyadan. Pavilon zamonaviy va ekologik dizayn orqali O‘zbekistonning o‘zgarishlar yo‘lini ko‘rsatadi. Bu o‘zgarishlar ta’lim, madaniyat, innovatsiya va toza energiya kabi yo‘nalishlarda aks etadi — bularning barchasi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi bilan bog‘liq. Me’moriy yechimlar ham an’anaviy g‘isht, yog‘och va loy bilan uyg‘unlashgan, ya’ni o‘zbek tarixiy me’morchiligiga tayanadi, lekin kelajakka qaraydi.
Sayohat qanday kechadi?
Pavilon — tirik bog‘ kabi qurilgan: birinchi qavat yer — o‘zbek madaniyati ildizlari; tom qismi — bog‘, ya’ni o‘sish va yangilanish ramzi. Kirishda tashrif buyuruvchilar loy va g‘ishtlar orqali o‘zbek madaniyatining ildizlariga tushishadi. Chiqishda esa yog‘ochdan ishlangan bog‘ orqali O‘zbekiston manzarasiga o‘xshash so‘lim muhitga chiqishadi — bu yapon va o‘zbek yog‘och o‘ymakorligi uslublarining uyg‘unligidir.
Ilhom manbalari qayerdan?
Xivada joylashgan Juma masjidi – noyob ustunlari va tomi bilan mashhur; Buxoro qal’asi – loy va g‘ishtlardan qurilgan an’anaviy uslub; o‘zbek yog‘och o‘ymakorligi; O‘zbekistonning relyefi – bularning barchasi Pavilon dizayniga ilhom bo‘lgan. Bu loyihada O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi madaniy bog‘liqlik ham ko‘rsatib beriladi – ikkala xalqda ham yog‘och bilan ishlash an’anasi kuchli.

Qanday materiallar ishlatilgan?
Yaponiyaning Osaka atrofidagi to‘qqizta o‘rmonidan olingan yog‘ochlar, Awajishima orolidan olingan loy, shuningdek, Yaponiyada buzilgan binolardan olingan g‘ishtlar — bu materiallar ekologik toza bo‘lishi bilan birga, o‘zbek hunarmandchiligi ruhiga mos keladi. Shuningdek, shag‘al ham ishlatilgan – bu yapon landshaft dizaynida keng tarqalgan bo‘lib, O‘zbekiston tabiatining ramziy ifodasidir.
Eng katta qiyinchilik nima bo‘ldi?
Eng murakkab jihat – pavilonning shaklini saqlagan holda uni barqaror va zilzilabardosh qilish edi. Ayniqsa, yog‘ochdan ishlangan pergola (soyabon) inshootini qurish murakkab bo‘ldi, chunki u Yaponiyaning qat’iy qurilish standartlariga javob berishi kerak edi. Shuningdek, harakatlanuvchi platformani umumiy hikoya bilan uyg‘unlashtirish ham o‘ziga xos murakkablikni talab qildi.

Shaxsiy eng sevimli detal?
Men uchun eng ilhomlantiruvchi detal – bu Juma masjididan ilhomlangan yog‘och pergola. Bu ochiq maydonda joylashgan ustunlar o‘rmoni bo‘lib, odamda xotirjamlik va madaniy muloqot hissini uyg‘otadi.
Tashrif buyuruvchilarda qanday hissiyot qoldirishi kutilmoqda?
Bu – ildizlardan gullagan kelajak sari sayohat. U odamni o‘ylantiradi, qiziqtiradi va boshqa madaniyatlar bilan bog‘laydi.