
Tevarak-atrofi o‘ralgan bog‘ni tasavvur qiling. Anor va anjirlar bilan g‘arq pishgan daraxtlar. Xushbo‘y chaman gullar. Bezakli koshinlar. Tuproq bilan yastangan yo‘laklar. Obi-hayot suvning sokin shivirlashlari.
O‘zbekistonda 2500 yildan ortiq vaqt davomida bog‘-rog‘lar gullab-yashnagan. Ko‘pincha yashirin inshootlar yuragidagi hashamatli hovlilar bag‘rida burkangan o‘zbek bog‘lari go‘zallik va hordiq chiqarish, ilg‘or innovatsiya va g‘oyalar, intellektual almashinuv va ijtimoiy aloqalarning zamon bilan cheklanmagan mangu maskanidir.
Bu bog‘lar tabiat va inson o‘rtasidagi bog‘lovchi rishta, shuningdek, kishilarning ochiq chehra mehmondo‘stligi diqqat markaziga qo‘yilgan dargohlar hisoblanib, bularning barchasi chambarchas bog‘langan mushtarak bilimlar cho‘qqisida avj nuqtasiga yetadi.
Mazkur muattar bog‘lar dunyosi va ulardan taralayotgan bilimlar bulog‘i “Atelier Brückner” shirkatining peshqadam qarashlari orqali zamonamizga monand qayta tasavvur qilingan O‘zbekiston pavilioni tayangan zamindir.

Pavilionning asosiy ilhom manbalaridan biri Xiva bo‘lib, u YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan, ma’rifat markazi sifatida dong taratgan ko‘hna shahardir. Bu yerda azal-azaldan olimu-fuzalolar, hunarmandlar, sulolalar, savdogarlarning avlodlari u yerdagi madrasalar va saroy bog‘larida bilimlarini baham ko‘rishish va almashish uchun to‘planganlar.
O‘zbekiston pavilioni ana shunday bog‘ning hayotiy davrasini o‘zida aks ettiradi va bu jarayonda mamlakat madaniyati Yaponiya bilan abadiy mushtarak bo‘lgan ko‘plab umumiy qadriyatlarga ham urg‘u beradi.
Igna bilan quduq qazilgandek bajarilgan qo‘l mehnati namunalari, tabiiy ashyolarning rangu-tarovati hamda tabiat go‘zalligini anglash kabi fazilatlar O‘zbekiston va Yaponiya madaniy DNKsining asosini tashkil etishi ma’lum va tabiiydir.
Yana bir umumiy xususiyat mehmondo‘stlik bo‘lib, uni hamisha ikkala mamlakatdagi choy marosimlarining boy va fayzli madaniy tajribasini boshdan kechirib, his etish mumkin.
Nihoyat, ikkala mamlakat ham bog‘lar ko‘rkamligi bilan uzviy bog‘liq: Yaponiyada ular inson hayotining beqaror go‘zalligi timsoli bo‘lsa, O‘zbekistonda esa jannatmakonlik, qut-baraka va ma’naviy-ruhiy uyg‘unlik ramzi sifatida chuqur uyg‘unlashgan.
Va aynan shu yerda, ikki madaniyat tutashgan chorrahasida pavilion joylashgan bo‘lib, bu makonda hunarmandchilik, odamgarchilik, ko‘rk-chiroy va pirovardida barhayot bilimlar tuyg‘usi mujassam.