
Yaponiya parlamenti Vakillar palatasi deputatlari Hajime Sasaki va Eikei Suzuki Osaka shahrida bo‘lib o‘tayotgan EKSPO 2025dagi O‘zbekiston pavilioniga tashrif buyurdilar.
Hajime Sasaki butun ko‘rgazma bilan tanishishni O‘zbekiston pavilionidan boshlaganini qayd etdi. U pavilionning miqyosi, me’morchiligi va namoyishga qo‘yilgan ashyo va buyumlarini, ayniqsa, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish bo‘limiga yuksak baho berdi. Qadama koshinlari va moviy gumbazlarining ko‘rkamligi bilan ajralib turuvchi O‘zbekiston masjidlari unda katta taassurot qoldirdi.
“Dunyoda masjidlar ko‘p, ammo betakror ustunlarga ega Juma masjidi kabi imoratlarning deyarli misli yo‘q, – deya ta’kidladi u.
Eikei Suzuki tashrif buyuruvchilarni “Bilimlar bog‘i” nomli ayvonga olib chiquvchi harakatlanadigan platforma g‘oyasining o‘ziga xosligini ta’kidlab, yaqin masofa aloqasi (NFC) uskunalari orqali ustunlarning kelib chiqishiga oid ma’lumotlarga oshno bo‘lishdek yoqimli muhitni e’tirof etdi. Shuningdek, u EKSPO tadbiri o‘tgandan so‘ng O‘zbekistonda yapon qarag‘aylaridan qayta foydalanish tashabbusini ijobiy baholadi.
“Pavilionga tashrif buyurgach, mamlakatning o‘ziga borishni beixtiyor istab qolasiz”, – deya xulosa qildi u.